Sayt test rejimda ishlamoqda!
Jizzax viloyati, Zomin tumani, Dashtobod shaxri, O‘zbekiston MFY, Qora-tepa ko‘cha 8 uy
Jismoniy va huridik shaxslar murojatlari
22:34 23.02.2022
352
Chop etish

Umumiy qoidalardan

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

ariza — huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat;

taklif — davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat;

shikoyat — buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat;

elektron murojaat — belgilangan tartibda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida berilgan, shu jumladan davlat organining, tashkilotning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan murojaat, real vaqt rejimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda berilgan og‘zaki murojaatlar bundan mustasno;

takroriy murojaat — ayni bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan kelib tushgan, uning avvalgi murojaati yuzasidan qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilinayotgan yoki boshqacha tarzda norozilik bildirilayotgan, shuningdek, agar takroriy murojaat kelib tushgan paytga kelib qonun hujjatlarida belgilangan ko‘rib chiqish muddati tugagan bo‘lsa, ilgarigi murojaati o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligi to‘g‘risida xabar qilinayotgan murojaat;

anonim murojaat — jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan murojaat, shuningdek uni identifikatsiya qilish imkoniyatini bermaydigan elektron murojaat yoxud imzo bilan tasdiqlanmagan yozma murojaat;

murojaatning dublikati — ayni bir jismoniy yoki yuridik shaxs murojaatining ko‘chirma nusxasi;

ommaviy qabul — davlat organi rahbarining yoki bu borada vakolat berilgan mansabdor shaxsining jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari bilan ommaviy uchrashuvlarida murojaatlarni qabul qilishga doir harakati;

videokonferensaloqa — uzoqda joylashgan bir nechta abonentlarning real vaqt rejimida audio- va videoaxborot almashish imkoniyati bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv hamkorlik qilishi;

davlat ishtirokidagi tashkilot — ustav fondida davlat ulushi mavjud bo‘lgan tijorat tashkiloti yoxud to‘liq yoki qisman davlat organi tomonidan tashkil etilgan yoki ta’sis etilgan notijorat tashkiloti.

4-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishning asosiy prinsiplari

Murojaatlarni ko‘rib chiqishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

murojaatlarni o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqish;

murojaatlarga nisbatan talablarning bir xilligi;

jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi;

murojaatlarni ko‘rib chiqishda byurokratizm va sansalorlikka yo‘l qo‘yilmasligi;

murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organlari, tashkilotlar va ular mansabdor shaxslari faoliyatining shaffofligi.

5-modda. Murojaatlarning shakllari va turlari

Murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo‘lishi mumkin.

Arizalar, takliflar va shikoyatlar murojaatlarning turlari hisoblanadi.

Murojaatlar, ularning shakli va turidan qat’i nazar, bir xil ahamiyatga ega bo‘ladi.

6-modda. Murojaatlarga qo‘yiladigan talablar

Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Jismoniy va yuridik shaxsning murojaatida davlat organining, tashkilotning aniq nomi, murojaat yuborilayotgan mansabdor shaxsning lavozimi va (yoki) familiyasi (ismi, otasining ismi) ko‘rsatilgan, shuningdek murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Murojaatlarda murojaat etuvchilarning elektron pochta manzili, aloqa telefonlari va fakslari raqamlari ko‘rsatilishi mumkin.

Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.

Yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.

Murojaat etuvchilarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

8-modda. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish

Davlat organlarida, tashkilotlarda, shuningdek ularning mansabdor shaxslari tomonidan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi.

Jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabulini o‘tkazuvchi davlat organlarining, tashkilotlarning rahbarlari yoki boshqa mansabdor shaxslari har qanday masalalar, shu jumladan o‘z vakolatlariga kirmaydigan masalalar bo‘yicha murojaat etilganda qabulni rad etishga haqli emas, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, agar ularning shunday xususiyatga ega bo‘lgan avvalgi murojaati bo‘yicha qaror qabul qilingan va bu haqda ularga ushbu Qonunda belgilangan tartibda xabar qilingan bo‘lsa, rad etilishi mumkin.

9-modda. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish davlat organining, tashkilotning rahbari yoki boshqa mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun davlat organlarida, tashkilotlarda maxsus tarkibiy bo‘linmalar tashkil etilishi mumkin, qabul uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar belgilanadi.

Davlat organlarining rahbarlari yoki bu borada vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxslari tomonidan jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullari, shuningdek ommaviy qabullar tashkil etilishi mumkin.

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish belgilangan kun va soatlarda, qabul qilish jadvaliga muvofiq o‘tkaziladi.

Qabul qilish jadvali va uni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish to‘g‘risidagi axborot, qabul qilish tartibi ularni davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilish, shuningdek ularning ma’muriy binosida hamma kirishi mumkin bo‘lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi.

Jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullari, shuningdek ommaviy qabullar, zarur bo‘lgan hollarda, qabul qilish jadvallaridan tashqari o‘tkazilishi mumkin. Ommaviy qabul hovlilarga (kvartiralarga), boshqa binolarga va joylarga birma-bir kirib chiqish orqali ham o‘tkazilishi mumkin.

Agar qabul davomida bayon etilgan masalalarni hal etish davlat organining, tashkilotning yoki ular mansabdor shaxsining vakolatlariga kirmasa, tegishli mansabdor shaxslar murojaat etuvchiga murojaatda bayon etilgan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish lozimligini tushuntirishi kerak.

Shaxsiy qabul davomida davlat organi, tashkilot rahbarining qaroriga ko‘ra va murojaat etuvchiga bu haqda xabar bergan holda maxsus texnika vositalari (audio- va videoyozuv, shuningdek fotosuratga olish) qo‘llanilishi mumkin.

Jismoniy shaxs og‘zaki murojaat etayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa o‘z vakolatlarini tasdiqlaydigan va o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi kerak, ommaviy qabul vaqtida kelib tushgan murojaatlar bundan mustasno.

Og‘zaki murojaatlar real vaqt rejimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan davlat organlarining, tashkilotlarning ishonch, tezkor aloqa telefonlari orqali va videokonferensaloqa vositasida ham berilishi mumkin.

Videokonferensaloqa vositasida qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

28-moddaMurojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari

Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo‘lib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.