Sayt test rejimda ishlamoqda!
Jizzax viloyati, Zomin tumani, Dashtobod shaxri, O‘zbekiston MFY, Qora-tepa ko‘cha 8 uy
Ota-onalarga
08:06 13.01.2021
330
Chop etish

Hurmatli ota-onalar! “Oila sog‘lom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan mamlakat barqarordir”. Darhaqiqat, har qaysi millatning o‘ziga xos ma’naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, shubhasiz, oilaning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Chunki insonning eng sof va pokiza tuyg‘ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari ilk bor oila bag‘rida shakllanadi. Bolaning xarakteri, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan ma’naviy mezon va qarashlar – yaxshilik va ezgulik, olijanoblik, mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas tushunchalarning poydevori ham oila sharoitida qaror topishi tabiiydir. Ota-onaga hurmat, ular oldida umrbod qarzdorlik burchini chuqur anglash, har qaysi insonga xos bo‘lgan odamiylik fazilatlari va oilaviy munosabatlar oila muhitida shakllanadi.    Ko‘rinib turibdiki, oilaviy tarbiya masalasida jiddiy xatolikka yo‘l qo‘ymaslik uchun, avvalo, har qaysi xonadondagi ma’naviy muhitni o‘zaro hurmat, odob-axloq, insoniy munosabatlar asosiga qurish lozim bo‘ladi. Farzandga mehr qo‘yish, ularning qornini to‘q, ustini but qilish bilan bolalarimizni yoshlik chog‘idan boshlab milliy tarbiya, ahloq-odob, yuksak ma’naviyat negizida parvarishlab, o‘z iqtidori, qobiliyati, qiziqishlari asosida bo‘lg‘usi kasb-hunarga to‘g‘ri yo‘naltirish oilada ota-onaning muhim burchi ekanligini unutib qo‘ymang.    Ushbu haqiqatdan kelib chiqqan holda, yoshlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, hayot abadiyligi, avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan ma’naviyat qo‘rg‘oni bo‘lmish oilani mustahkamlash bugungi kunda barchamizning insoniy burchimizga aylanishi zarur. Yuqoridagi fikrlar asosida bolalarning jismoniy sog‘lom va ma’nan barkamol bo‘lishlari uchun oilada quyidagilarga amal qilishingiz lozim deb hisoblaymiz:

• oilada farzandni komil inson qilib tarbiyalashda yetarli bilim darajaga ega bo‘lishingiz;

• farzandlaringizni barcha xatti-harakatlari uchun ta’lim muassasalari va mahalla oldidagi javobgarlikni his qilishingiz;

• oilada farzand shaxsiga e’tibor va hurmat bilan yondashishingniz, sog‘lom ijtimoiy muhitni yaratishingiz, milliy ruh va turmush tarzini hisobga olgan holda farzandlarda ota-onaga muhabbat tuyg‘usini shakllantirishingiz;

• farzandlarga chuqur dunyoviy bilim berish, ularning ma’rifatli va ma’naviyatli, erkin fikrlovchi shaxs bo‘lib yetishishlarini ta’minlashingiz;

• bolalarning qiziqishi, iqtidori va extiyojlarini hisobga olgan holda kasbga yo‘naltirishingiz;

• ularni mustaqil fikrlashga o‘rgatish hamda Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashingiz;

• bolalarning bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri tashkil etish va ularning qo‘shimcha ta’lim olishlariga, o‘z ustida ishlashlari uchun shart-sharoit yaratishingiz;

• bolada tejamkorlik va mehnatsevarlik sifatlarini shakllantirishingiz;• oilada milliy va umuminsoniy tarbiyaning barcha yo‘nalishlarini uyg‘un holda bosqichma-bosqich amalga oshirishni ta’minlashingiz;

• bolalarga sanitariya-gigiyenik, ekologik bilim va ko‘nikmalarni singdirish, ularni ichkilikbozlik, giyohvandlik illatlar ta’siridan muhofaza qilish bo‘yicha tarbiyaviy ishlarni amalga oshirishingiz;

• farzandni oilaviy hayotga tarbiyalash jarayonida ular ongiga boy ma’naviy merosimiz, axloq-odob qoidalari, urf-odatlarimiz va an’analarimizni bugungi kun talab va ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirgan holda singdirib borishingiz;

• oilada bir-birlarini doimiy ravishda o‘zaro jismoniy, moddiy, ma’naviy va psixologik, tibbiy qo‘llab-quvvatlash ko‘nikma va odatlarini shakllantirish, oilaviy dam olishni to‘g‘ri tashkil etishingiz;

• oilada turli muammoli vaziyatlarni oqilona hal etishda farzandlarni muloqot madaniyatiga o‘rgatishingiz;

• oilada ota-ona va farzand o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashda turli mavzularda suhbatlar o‘tkazishingiz;

• ommaviy axborot vositalaridan oqilona foydalanishlarini to‘g‘ri tashkil etishingiz, hamda ularning qo‘l telefonlarini muntazam ravishda o‘z nazoratingizdan o‘tkazib borishingiz;

• farzandlaringizni maktabdan tashqari turli xil ta’lim muassasalaridagi musiqa va san’at, sport maktablari, “Barkamol avlod” bolalar markazlari qoshidagi turli to‘garak mashg‘ulotlariga jalb etish borasida ko‘maklashishingiz zarur bo‘ladi.   

Shunday ekan farzandingizga nisbatan talabchan va e’tiborli bo‘lishingiz farzandingizni kelajagini belgilab berishini yodingizdan chiqarmang!