2026 yilgacha oltita viloyatda 15 ta yangi GES quriladi
2026 yilgacha O‘zbekistonda gidroenergetika sohasida umumiy quvvati 868 MVt bo‘lgan loyihalar amalga oshiriladi
Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati
Energetika vazirligining xabar berishicha, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, 2026 yilgacha O‘zbekistonning oltita viloyatida 15 ta yangi GES quriladi. Mavjud 5 ta GES modernizatsiya qilinadi.
Natijada, yiliga qo‘shimcha 868 MVt elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.
Jumladan:
- 2022 yilda Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 173 MVtga teng bo‘lgan qo‘shimcha gidroelektrstansiyalar yaratish bo‘yicha 7 ta;
- 2023 yilda Toshkent viloyatida 1 ta GES modernizatsiyasi yakunlanadi hamda Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida jami quvvati 29 MVt bo‘lgan 2 ta;
- 2024 yilda Andijon, Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 1 ta GES modernizatsiyasi yakunlanadi hamda jami quvvati 122 MVt bo‘lgan 4 ta;
- 2025-2026 yillarda Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida jami quvvati 544 MVt bo‘lgan 4 ta GESlar ishga tushiriladi.
Ushbu amalga oshirilgan ishlar hisobiga, 2026 yilga borib O‘zbekistonda gidroelektrstansiyalarning umumiy quvvati 2 920 MVtga yetkaziladi.